ORGANIZMDA YOD ALMASHINUVI VA UNING FIZIOLOGIK-BIOKIMYOVIY XUSUSIYATLARI

  Muzaffara Normurodova (SamDCHTI), Shahnoza Bozorova (SamDU) |    Download article

Ma`lumki har bir tirik organizm ma`danli moddalarga muxtoj hisoblanadi. Mineral moddalarning fiziologik ahamiyati juda katta. Ular oqsillar, skelet suyaklari, fermentlar, gormonlar tarkibiga kiradi. Organizmdagi mineral moddalarning umumiy miqdori, tana og’irligining 4,5 % ini tashkil etadi, ularning 5/6 qismi suyaklar tarkibida bo’ladi. Mineral moddalar organizmdagi barcha funksiyalarni mo’tadil bajaralishini ta’min etadi. Mineral moddalarning ionlari to’qima va qonning osmotik bosimini, ishqor-kislota muvozanatini va faol reaksiyasini doimiyligini ta’min etadi. Ular asab tizimi faoliyati, qon ivishi, so’rilish, gazlar almashinuvi, sekretsiya va ayiruv jarayonlari uchun juda zarur [2]. Ana shunday zaruriy ma`danli moddalardan biri yod hisoblanadi. Bu elementning yetishmasligi moddalar almashinuvining buzilishiga, qalqonsimon bez faoliyatining buzilishiga, odam organizmining jismonan va aqlan zaiflashishiga olib keladi. Yod ayniqsa T4 (tiroksin) sintezlanishi uchun o`ta muhimdir. Bugungi kunda dunyo xalqlari orasida tireotoksikoz, gipoterioz kabi yod almashinuvining buzilishlari bilan bog`liq kasalliklar yil sayin ko`payib bormoqda. Buning sabablaridan asosiysi tuproqda, suvda, oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida yod yetishmasligidir. Ayrim mualliflarning ilmiy-asoslangan ma`lumotlariga qaraganda [1] odam bir kecha-kunduzda 100-200 mkg yod qabul qilishi zarur. Har bir inson shu bois, yodga boy bo`lgan mahsulotlardan xabardor bo`lmog`i zarur. Bunday mahsulotlarga baliq, tuxum, go`sht, sholg`om, loviya, ko`katlar shular jumlasidandir.